O‘zbekistonning zamonaviy zargarlik san’atining o‘ziga xosligi ijodiy imkoniyatlar hamda material va bezatishning texnik vositalari o‘ta boyligi bilan belgilanadigan badiiy ifoda vositalarining serqirraligiga bog‘liqdir. Zargar eng avvalo, tabiatan go‘zal bezatilgan rang–barang material: quyoshdek shu’lalanuvchi oltin, nafis tusli kumush, tuslanuvchi va tovlanuvchi qimmatbaho va yarim qimmatbaho yarqirama toshlar dur, marjon, sadaf, shisha, chinni, sir, lok va boshqalardan foydalaniladi. Bunga metallga ishlov berishning naqsh bosish, zarb qilish, o‘yma naqsh quyish, bog‘lash to‘qima naqsh, panjara naqsh, zig‘irak, qora rang berish, zarxallash, qadama naqsh, toshni kesish va qirralash singari texnik usullari qo‘shilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Ustalar o‘z ijodiy fantaziyalarini namoyon qilish uchun bezashda tabiiy go‘zallik bilan mahoratni uzviy qo‘shib olib boradilar.
O‘zbekistonda zargarlik taqinchoqlari vazifasiga ko‘ra qadimdan bir necha guruhlarga bo‘linadi. Bular: boshga-peshonaga, peshona-chakkaga, peshona-chakka-bo‘yinga, chakkaga, gardanga, sochga, taqinchog‘idan soch bilan qo‘shib o‘raladigan, quloqqa, bo‘yinga, ko‘krakka, qo‘ltiqqa, belga, qo‘lga, oyoqqa taqiladigan taqinchoqlar. Bular hammasi bir bo‘lib qizlar milliy taqinchoqlarini tashkil etadi. Hozirgi kunda zargar ustalarining asarlari yangicha dekorativ kompozitsiya va shakl, naqsh detallarining ifodaligi topilganligi, badiiy idrok etilishi bilan ajralib turadi. O‘z ishining ustasi ko‘p rangli (Polixrom) va bir rangli (Monoxrom) uyg‘un yechimlarning ulug‘vorligini doimo his etadi.
Zargarlar ishida ko‘pincha dizaynerlik uslubi hamda texnik shakllarning estetiklashtirilishi ko‘zga tashlanadi. Ular yangi g‘oyalarni keltirib chiqaradi hamda shakl yaratishda ko‘maklashadi. Uslubning ifoda imkoniyatlari izlab topildi hamda ochib berildi. Ayni mahalda zamonaviy nazokat, orastalik va eng muhimi, nafislik, ichki harorat hamda insoniylik boy berilgani yo‘q. Hozirgi zamon san’atidagi yangi tendensiyalar, ustalar “Musavvir” xalq san’ati ilmiy – ishlab chiqarish markazi hamda “Nigoriston” Respublika xalq san’ati firmasi ustalarning tengi yo‘q buyumlarida yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi. Nodir kumush buyumlar ustida ijodiy ish olib borish imkoniyati kengaydi, zotan, bu paytga qadar qimmatbaho metaldan buyum yasash ta’qiqlangan edi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий